O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida yangi universitet tashkil etilishi

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida hamkorlik asosida qo‘shma universitet ochilishi rasmiy ravishda e'lon qilindi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan Yaponiyaning Sukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata o‘rtasida hamkorlik kelishuvining imzolanishi ushbu loyihaning boshlanishi hisoblanadi.

Kelishuvga ko‘ra, yangi ta'lim muassasasi zamonaviy texnik va boshqaruv ko‘nikmalariga ega, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro akademik maydonga yanada kengroq integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Ta’lim dasturlari va tayyorgarlik

Dastlab universitet magistratura bosqichida sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi sohalarida ta’lim beradi. Keyinchalik esa bakalavriat va doktorantura dasturlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Barcha ta’lim jarayoni ingliz tilida tashkil etilib, Yaponiya oliy ta’lim modeli asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari talabalar uchun Yaponiya madaniyati va tilini o‘rganishga mo‘ljallangan qisqa muddatli ta’lim dasturlari ham tashkil etiladi. Bu esa talabalarning xalqaro akademik va madaniy muhitga tezda moslashishini ta’minlaydi.